TechCells kompaniyasi va IT Stars loyihasi asoschisi hamda IT tadbirkor Zafarbek Ibrohimov bilan intervyu

Suhbatdoshimiz haqida:

Zafarbek IBROHIMOV – 1990-yil 8-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgan;

2011-yilda Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining Business Information System yo‘nalishini tamomlagan;

2019-yilda AQShning Kaliforniya shtatida IT va biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan;

Dasturchilik sohasidagi faoliyatini NBC Universal va Forte Group kabi yirik xalqaro kompaniyalarda boshlagan;

2019-yili TechCells kompaniyasiga va 2021-yili IT Stars loyihasiga asos solgan.

Bugungi kunda oila bag‘rida, ishga kech qolmasdan, rahbarlardan dakki eshitmasdan, asablarni asragan holda yuqori daromad topish bu shunchaki cho‘pchak emas! Oramizda frilanserlik faoliyatida haqida eshitgan, ammo yaxshiroq ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilar ko‘p. Bugun sizni qiziqtirgan savollarga IT tadbirkor, IT Stars loyihasi va TechCells kompaniyasi asoschisi, muvaffaqiyatli frilanser Zafarbek Ibrohimovdan javob olamiz.

– Assalomu alaykum, IT sohasiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan va nega aynan frilanserlik faoliyati? Ilk bor ishingizni qaysi kompaniyada boshlagansiz?

– Vestminster universitetida o‘qib yurgan kezlarim biznes va IT yo‘nalishlaridan qay birini tanlash borasida menda juda ko‘p ikkilanishlar bo‘lgan. Shunda dadamning motivatsiyalari bilan IT mutaxassisi bo‘lishni tanlaganman. Frilanser sifatida faoliyat yuritishimga esa kursdosh do‘stim sababchi bo‘lgan. Men u paytlar universitetni tamomlab, GM kompaniyasida ishlardim. IT sohasiga bo‘lgan qiziqishim va erkin ishlashga bo‘lgan xohishim meni frilanserlar olamiga olib kirgan.

– Frilanser o‘zi kim va IT mutaxassisligidan tashqari yana qanday kasb egalari frilanserlik bilan shug‘ullanishlari mumkin?

– Frilanserlik – bu kasb emas, ishlash uslubi. Misol uchun, bir o‘qituvchi maktabda ishlaydi, ertalab ishga boradi, kechqurun qaytadi, rahbarlarga hisobot topshiradi. Uning maktabdagi faoliyati doimiy ish uslubi hisob bo‘lsa, o‘qituvchining uyda qo‘shimcha dars berishi bu frilanserlik hisoblanadi. O‘z ishini masofadan turib amalga oshirsa bo‘ladigan soha vakillarining barchasi frilanser uslubida ishlab daromad topishlari mumkin. Agar siz ingliz tilini bilsangiz mijozlaringizning chegarasi bo‘lmaydi. Til bilish, kompyuter va internet orqali dunyoning istalgan burchagida sizga ish topiladi!

– Til bilmasdan turib ham frilanser sifatida faoliyat yuritish mumkinmi?

– Albatta, til bilmaganlar ham frilanserlik bilan shug‘ullanishlari mumkin! Frilanserlikning asosiy ikkita yo‘nalishini oladigan bo‘sak, birinchisida mijozlarga frilanserlarning o‘zlari aloqaga chiqishadi, ikkinchisida esa frilanserlarga mijozlar aloqaga chiqishadi. Mijozlarning o‘zlari sizga aloqaga chiqishlari uchun siz o‘z mahsulotingizni saytga joylashingiz kerak bo‘ladi. Agar siz dizayner bo‘lsangiz, biror narsaning dizaynini yasab ham saytga joylashtirish orqali mijoz topishingiz mumkin. Bu jarayonda ingliz tili talab etilmaydi.

– Frilanserlik bilan shug‘ullanish uchun aynan qaysi platformalar orqali ish topish mumkin?

– O‘zimdan misol keltiradigan bo‘lsam, men o‘z faoliyatimni «UpWork»da boshlaganman. Keyinchalik «Toptal»da davom ettirganman. Ammo «Toptal» yangi ish boshlayotganlar uchun to‘g‘ri kelmaydi. Chunki u kamida ikki yillik ish tajribasi va mukammal ingliz tili talab qiladi. «UpWork» esa tajribasiz frilanserlar uchun ayni muddao. Shuningdek, hali faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan «Fiverr» platformasini ham frilanserlar orasida eng trendga chiqqan platforma, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Maktabda eng qiyin fanlardan biri bu matematika. Sizningcha, fanni yaxshi o‘zlashtira olmaslik o‘quvchining tanballigidanmi yoki o‘qituvchi o‘z darsini qiziqarli o‘ta olish mahoratining yetishmasligidami? Bu savolni bejizga bermadim, siz ham 6-sinfgacha matematika va ingliz tili fanlaridan 3 bahoga o‘qigan ekansiz…

– To‘g‘risini aytsam, ikkalasidan ham, deb bilaman. Maktabimni o‘zgartirganimda u yerdagi o‘qituvchilar mening ichimdagi nimanidir topa olishgan, hozir uni sizlarga so‘z bilan tushuntirib bera olmayman. Ammo ana shu o‘qituvchilar boshqa o‘quvchilarga ham dars berishgan, ular orasida ham muvaffaqiyatsizlari bo‘lgan. Shu kabi avvalgi maktabimdagi o‘qituvchilar dars bergan boshqa o‘quvchilar ham o‘ziga yarasha aqlli va muvaffaqiyatli bo‘lishgan. Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, qars ikki qo‘ldan chiqadi.

– Sizningcha, IT sohasini universitetda o‘rgangan yaxshimi yoki o‘quv kurslarida o‘qib ham yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkinmi?

– Agar imkoniyati bo‘lsa universitetda o‘qigani yaxshi. Chunki universitet har taraflama ko‘p narsa beradi insonga. Jumaladan, shaxsiy rivojlanishiga turtki beradi. Ammo universitetda o‘qimagan degani, bu sohaga kira olmaydi degani ham emas. Oliy ma’lumotli bo‘lmasdan turib ham yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkin.

– O‘zbekistonda frilanserlik faoliyatini olib borish uchun qandaydir to‘siqlar mavjudmi?

– O‘zbekistonda frilanserlar faoliyatiga hech qanday to‘siq yo‘q! Xoh mahalliy, xoh global bozorda bo‘lsin, bemalol frilanserlik bilan shug‘ullanish mumkin. To‘lov masalalarida ham hech qanday muammolar yo‘q.

– Sizningcha, butun dunyo frilans bozorida O‘zbekistonning o‘rni qanday?

– O‘zbekistonlik mutaxassislarning jahon frilans arenasida hali shaxsiy kartinasi chizilmagan. Biz haqimizda hali ko‘pchilik bilishmaydi. Ammo biz dunyo frilans bozoriga chiqmasimizdan avval bir narsani unutmasligimiz kerak. Frilans etikasi, work etikasi degan narsalar bor. Dunyo mamlakatlari bilan ishlayotganda ana shu mamlakatlardagi mijozlarning dunyoqarashidan kelib chiqib ishlashimiz kerak, ya’ni work etikasiga qat’iy amal qilishimiz darkor. Shuningdek, mijozning ishonchini suiiste’mol qilib qo‘l uchida ish qilish, sifatsiz xizmat ko‘rsatish yaramaydi. Bu kabi holatlar mamlakatimiz imijini dunyo mamlakatlari orasida noto‘g‘ri shakllanishiga olib keladi. Bu esa yurtimizdagi barcha mutaxassislarning global bozordagi muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

– Ko‘pchilik frilanserlar asosan vaqtini oila davrasida o‘tkazadi, deb hisoblashadi. Haqiqatan ham shundaymi?

– Ayni damda men frilanserlikning uchinchi biznes davriga o‘tganman va qo‘l ostimda bir nechta xodimlarimiz bor. O‘zim kompaniya boshqaruvi bilan shug‘ullanganim bois asosan ishxonada bo‘laman. Ishdan keyin bo‘sh vaqtimni va dam olish kunlarimni oila davrasida o‘tkazaman. Ammo frilanser bo‘lgan paytlarim 99 foiz oila davrasida bo‘lardim. Sababi ishimni ham uydagi alohida xonada olib borardim. Albatta, oila a’zolarim ish vaqtida bezovta qilishmasdi. Shunga qaramay, ish orasidagi tanaffuslar va yo‘lga ketadigan vaqtim oila a’zolarimga bag‘ishlanar edi.

– TechCells kompaniyangizning missiyasi va kelgusidagi rejalari qanday?

– Juda menga yoqadigan savolni berdingiz. Kompaniyamizning kelajakdagi rejalari juda katta. Avvalo, maqsadimiz milliy qadriyatlarimizga asoslangan o‘zbekona eng katta IT kompaniyalardan biri bo‘lish. E’tibor bersangiz, hozir O‘zbekistondagi IT kompaniyalarning aksariyati xorijdan kelgan kompaniyalar. Chet elda paydo bo‘lib, rivojlanib, so‘ng O‘zbekistonda filialini ochgan kompaniyalar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo biz O‘zbekistonda bunyod bo‘lib, shu yerning o‘zida rivojlanib, boshqa mamlakatlarda filiallarimizni ochmoqchimiz. Kompaniyamiz faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, erishgan yutuqlarimiz talaygina.

– IT Stars loyihasi haqida ham batafsil aytib o‘ting?

– Insonlarga o‘z tajribam va bilimlarimni ulashish maqsadida bir nechta loyihalar haqida bosh qotirganimda bir narsa e’tiborimni tortgan, yurtimizda IT sohasini o‘rgatuvchi bir qancha o‘quv markazlari bo‘lsa-da, ko‘plab yoshlar faqat mahalliy korxonalar bilan ishlashadi, xorij bilan hamkorlikda faoliyat olib boradiganlar juda kam. Shuni inobatga olgan holda, insonlarga ish topishda ko‘maklashsam, yanada manfaatliroq bo‘ladi, degan maqsadda ushbu loyihaga qo‘l urganman. O‘zimizning dasturchilarni jahon arenasida yulduz darajasiga olib chiqishni niyat qilib loyihamizni IT Stars deb nomlaganmiz.

– Bilamizki, IT sohasini o‘rganish oson emas, boz ustiga, asosan kompyuter bilan ishlanadi. Bo‘lajak frilanserlarning ota-onalariga tavsiyalar…

– Meni shu kunga qadar erishgan katta-kichik yutuqlarimning bari ota-onamning duolari bilan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘g‘ri, IT sohasi oson emas, uni o‘rganish ham insondan yuksak sabr, vaqt, bilim, va albatta, uyqusiz tunlarni talab qiladi. Mening ham onam tunda dars qilayotgan vaqtim bedor ekanligimni ko‘rib, onalik mehri jo‘shib yig‘lagan paytlari ham bo‘lgan. Ammo nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak. Bo‘lajak IT mutaxassislarining, frilanserlarning ota-onalarga maslahatim, farzandingizning qarorlarini qo‘llab-quvvatlang, chunki ota-onalar va farzandlarning zamoni hech qachon bir xil bo‘lmaydi. Vaqt o‘tgani sari insonlarning dunyoqarashi o‘zgarib boradi. Shuning uchun ham farzandlaringizni faqat duo qiling!

Zafarbek IBROHIMOVning shogirdlari bugungi kunda frilanser sifatida soatiga qancha pul topmoqda? Siz ham frilanser bo‘lmoqchimisiz? Ishni nimadan boshlashni bilmayapsizmi? U holda ko‘rsatuvning to‘liq qismini YouTube kanalimiz orqali tomosha qiling va oila davrasida o‘tirib qanday qilib amerikacha maosh olish sirlaridan boxabar bo‘ling!

Facebook
Telegram
Email

Shuningdek o'qing