O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar haqida

O‘zbekistonda mehnat sharoitini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va ularga imtiyzolar yaratish maqsadida, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich tomonidan 2020-yil 8-iyunda PQ-4272 sonli “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 2020-yilning 23-dekabrida Vazirlar Mahkamasining 806-sonli “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qarorlari imzolandi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar kimlar?

Mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar. Masalan, repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kuryerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishlari mumkin. Qisqa qilib aytganda o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslar – o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hisoblanadi.

Foydali tomonlari

  1. Uydan ishlashning qonuniy imkoniyati. O‘zini o‘zi band qilganlar soliq tekshiruvlari, jarimalar va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha ayblovlardan qo‘rqmasliklari mumkin.
  2. Tasdiqlangan ish staji va pensiya. O‘zini o‘zi band qilganlarning ish staji ketaveradi, shuning uchun keksalikda kafolatlangan pensiya naqd deb hisoblash mumkin.
  3. Rasmiy daromad. Iste’mol kreditlari, imtiyozli qarzlar olish, shuningdek, soliq imtiyozlarini qo‘llash mumkin.
  4. Minimal soliq. Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya.
  5. O‘ziga o‘zi xo‘jayin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun mehnat shartnomasi, rahbar va qat’iy ish jadvali yo‘q. Sevimli ish bilan xohlagan vaqtda shug‘ullanish va bundan qonuniy daromad olish mumkin.
  6. Mijozlar bazasini kengaytirish. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslardan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun bankda osongina hisob ochishlari mumkin. Bundan tashqari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik sheriklar orasida ishonchni uyg‘otadi.
  7. Minimal hujjatlar. Buxgalteriya hisobini yuritish, hisobot yuborish yoki soliq deklaratsiyasini topshirishlari shart emas. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda Soliq ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin.

Soliqlarga tortiladimi?

Qancha miqdorda ham pul ishlab topsa shaxsning o‘zida barchasi qoladi. Hech qanday sug‘urta yoki boshqa badallar to‘lamaydi. Hech qanday jismoniy shaxslarga solinadigan daromad solig‘i solinmaydi qachonki belgilangan 68 ta faoliyat turlari bo‘yicha daromad olinsa. Agar belgilangan faoliyat turidan tashqari daromad olingan bo‘lsa unda JSHDS to‘laydi.

Xizmat yoki tovar uchun qanday tartibda to‘lovni qabul qilish mumkin?

To‘lovlarni naqd, terminal yoki pul o‘tkazish usuli bilan qabul qilish mumkin. Terminalni bankdan ijaraga olib ishlatish va pul o‘tkazamalari uchun bankda hisob raqam ochish mumkin.

Oylik daromad bo‘yicha cheklovlar mavjudmi?

Oylik daromad bo’yicha hech qanday cheklovlar mavjud emas. Sizning daromadingiz 100 mln so‘mni tashkil etsa ham sizni hech kim YaTT yoki MChJ ga o‘tishga majburlamaydi.

Ish staji qanday hisoblanadi?

1 yilda 1 marotaba to‘lab boriladigan ijtimoiy soliq to‘lab borilsa, har yilgi ijtimoiy to‘lov evaziga ish staji 1 yildan qo‘shilib boraveradi. Zarur vaqtga yetganda yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 633,000 so‘m (2022-yilning 1-iyun holatiga ko‘ra) to‘lanadi. Agar zarur staj yetarli bo‘lmasa davlat tomonidan – 500,000 so‘m (2022-yilning 1-iyun) to‘lab boriladi.

Kasal bo‘lib qolganda mehnatga layoqatsizlik tufayli ish haqi to‘lab beriladimi?

Kasal bo‘lib qolganda davolanish va mehnat ta’tillari yo‘q. Ma’lum bir muddat ishlay olmasa mehnatga layoqatsizlik paydo bo‘lsa ish haqi to‘lab berilmaydi. Agar uzoqroq muddatga ta’tilga chiqsa yoki mehnatga qobilyatini yo‘qotsa soliq organ hodimlarini habardor qiladi va aynan o‘sha muddat uchun ijtimoiy soliq to‘lamaydi va ana shu davr uchun ish staji yozilmaydi.

Asosiy ish joyida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab, bir vaqtning o‘zida o‘zini o‘zi band qilish ham mumkin?

Ha mumkin. Asosiysi, asosiy ishdagi faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilish uchun ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kirmagan bo‘lishi kerak. Masalan, kun bo‘yi mehnat shartnomasi asosida kotibalik bilan shug‘ullanish, kechasi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida matn yozish bo‘yicha xizmatlarni (kopirayting) ko‘rsatish mumkin.

Qanday qilib ro‘yxatdan o‘tish mumkin?

Davlat soliq qo‘mitasining joriy yilning iyul oyi statistik ma’lumotlariga ko‘ra Respublika bo‘yicha 2022-yil boshidan 706,744 ta, jami shu vaqtga qadar 1,866,360 ta o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatdan o‘tganlar. Hududlar kesimida:

Samarqand viloyati – 262,112

Farg‘ona viloyati – 192,767

Andijon viloyati – 186,705

Namangan viloyati – 175,731

Toshkent shaxri – 153,553

Toshkent viloyati – 128,737

Qashqadaryo viloyati – 127,052

Buxoro viloyati – 111,699

Xorazm viloyati – 109,642

Jizzax viloyati – 106,033

Navoiy viloyati – 83,195

Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 61,905

Siradaryo viloyati – 45,669

Faoliyat turlari kesimi bo‘yicha:

Ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish– 295,727

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish – 577,117

Axborot kommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish – 41,901

Maishiy xizmatlar ko‘rsatish – 494,964

Sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish – 304,508

Xalq iste’moli mollari ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatish – 152,143

Facebook
Telegram
Email

Shuningdek o'qing