Dizipro asoschisi, IT tadbirkor va frilanser Abdusattor Abdurahimov bilan intervyu

Tushida ham pul topadigan IT tadbirkor: Tengdoshlaring TikTokda o‘tirganda, sen frilanserlikdan boyib ketishing mumkin!

Bugungi kunda frilanserlik bilan shug‘ullanib, yuqori daromad topish imkoni mavjud bo‘lgan soha vakillaridan biri — bu 3D dizaynerlar.

Bu galgi qahramonimiz ham O‘zbekistonda 3D sohasini rivojlantirish va shu yo‘lda yaxshi mutaxassislar tayyorlashni o‘ziga maqsad qilgan “Dizipro” kompaniyasi asoschisi, tajribali IT tadbirkor va frilanser Abdusattor ABDURAHIMOV.

– Assalomu alaykum. Avvalo, IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan va nega aynan frilanserlik faoliyatini tanladingiz?

– Vaalaykum assalom. Bilasizmi, bu sohaga kirib kelishimdan avval menda IT yoki frilanserlik haqida tushunchalar bo‘lmagan. Bolaligimda 3D MAX degan narsani eshitganimdayoq menda qiziqish paydo bo‘lgan. Ammo 3D MAX deganda faqat multfilmlarni tushunganligim uchun bu narsa menga to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylardim.

Keyinchalik ustozim Mansur Murodov tomonidan ushbu sohani bir yil davomida mukammal o‘rgangach, bildimki, men yasagan 3D modellarimni bemalol internet orqali sotib, daromad qilishim mumkin ekan.

Shundan so‘ng 3D model yasashga kirishib ketdim. Har kuni bir nechta 3D model yasab, internetga joylardim va ertasi kuni modellarim sotilib, har kuni hisobimga pul tusha boshladi.

Yasagan modellarim soni ortgani sayin, daromadim ham ko‘payib boraverdi. Keyinchalik buyurtmalar ham tusha boshladi va shu yo‘l bilan IT olamiga kirib kelganman.

– Sizningcha IT sohasini o‘rganishni nimadan boshlagan ma’qul? Siz nega aynan dizaynerlikni tanlagansiz?

– Ayni damda men dizayner emasman, tizimlashtiruvchi insonman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki hozirda men yoshlarni shu soha bo‘yicha o‘qitib, ish bilan ta’minlab, keyinchalik ular ustida biznes quraman.

Hozirgi kunda IT sohasining yo‘nalishlari ko‘p va yoshlarimiz ham necha yoshda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, shu sohaga kirib kelayotganda avvalo o‘z qiziqishlarini aniqlab olishlari kerak.

Biz ba’zan “falonchi qildi, sen ham qila olasan”, deb farzandlarimizni o‘zimiz bilmagan holda aldab qo‘yamiz. Bu xuddi tovuqqa “sening ham qanoting bor, sen ham ucha olasan”, degandek gap.

Ammo yoshlarimiz ham burgutdek ucha olar ekanman, deb, o‘zlari qiziqmagan sohani tanlaganlari bilan muvaffaqiyatli bo‘lib qolmaydilar.

Masalan, mendan dasturchi chiqmaydi. Bitta dastur yaratgunimga qadar yuragim siqilib ketadi. Ba’zilar esa aksincha, dizaynerlikni zerikarli soha deb qabul qilishadi.

Shuning uchun ham ayti sohasiga kirib kelayotganda o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib, biror-bir yo‘nalishni tanlasalar maqsadga muvofiq bo‘ladi.

– Hozirgi kunda avj olgan tarmoqli marketingga fikrlaringiz qanday? Bu ham qaysidir ma’noda frilanserlikning bir turi hisoblanadimi?

– Yo‘q, tarmoqli marketing — zamonaviy firibgarlikning bir turi xolos! Tarmoqli marketing misoli piramidaga o‘xshaydi. Unda foyda faqat bitta odamgagina bo‘ladi. Bu hech qanday biznes turi emas.

– Dastavval 3D model yaratish bilan shug‘ullanib, endilikda o‘quv markazi sifatida yurtimizda 3D sohasini rivojlantirishga o‘z xissasini qo‘shayotgan Dizipro kompaniyangiz haqida batafsil ma’lumot berib o‘tsangiz

– Dizipro — bu onlayn platforma hisoblanadi. Bu yerda o‘quvchilar model yasashni noldan boshlab o‘rganadilar va ularni saytga yuklab, sotadilar. Bu jarayon dars jarayonlarida batafsil o‘rgatiladi.

– Eshitishimizcha, o‘quv markazingizda “Qizlar kelajagi uchun” nomli ta’lim granti ham e’lon qilinibdi. Aytingchi, 3D sohasi, umuman olganda frilanserlik bilan shug‘ullanishning ayollar uchun ustunliklari nimada?

– To‘g‘ri, ayol kishi uchun bu sohani o‘rganish oson emas. Chunki bizda o‘qigan xotin-qizlarning o‘ntasidan to‘qqiztasi o‘qishni tashlab ketgan. Ammo shunday qizlarni bilaman, qunt bilan o‘rganib, hozirda o‘yda o‘tirgan holda 4-5 ming dollar daromad topishadi. Bu esa aynan bizning o‘zbek ayollarimiz uchun juda zo‘r imkoniyat. Chunki ularning aksariyatini turmush o‘rtog‘i ishlatmaydi.

Bunday sharoitda esa biroz qiyinchiliklarga dosh berib, ayti sohasini o‘rganib olishsa, keyinchalik oila, farzand va ro‘zg‘or tashvishlari bilan o‘yda o‘tirgan holda, kerak bo‘lsa turmush o‘rtog‘idan ham ko‘p pul topa olishi mumkin.

– Shu o‘rinda yana bir savol, siz 3D model asosida yaratgan yostiqchangizni bir necha yil davomida $50 dan sotgan ekansiz. Vaholanki, hech bir xaridor bunday yostiqlarning tayyor holda tikilganini ham bu narxda sotib olmaydi. Nima deb o‘ylaysiz, 3D dizaynerlar kun kelib oddiy dizaynerlarning faoliyatiga nuqta qo‘yishi mumkinmi? 3D modellarni yana kimlar nima uchun sotib olishadi?

– Bilasizmi, nafaqat yostiqlar, balki bizga bir necha ming dollarlab daromad olib kelayotgan gilamlar ham hayotda shuncha qimmatga sotilmaydi. Biz esa hayotda bor gilamning dizayni ustida ishlab, boz ustiga hech qanday ortiqcha xarajatsiz va harakatsiz undan qimmatroqqa sotamiz. To‘g‘ri, bu kulgili eshitilishi mumkin, ammo bu haqiqat.

Ammo dizaynerlar faoliyatiga chek qo‘yiladimi, degan savolga keladigan bo‘lsak, yo‘q. Chunki 3D dizaynerlar o‘z-o‘zidan ijod qilmaydi, chizilgan modellarnigina 3D modelga aylantirib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, ularning ishi ijodkor dizaynerlar bilan chambarchas bog‘liq!

– 1 dona 3D model yasash uchun qancha vaqtingiz ketadi? Shu yasagan modelingiz sotilish ehtimoli qancha va qanchagacha sizga daromad olib kelishi mumkin?

– Ishning murakkabligiga qarab. Ba’zi bir modellarni yaratishga 5 daqiqa yetadi, ba’zilariga esa bir kun ham yetmaydi.

– Ana shu 3D formatda yasalgan modellaringizni aynan qaysi platformalar orqali sotasiz? Sohaga endi kirib kelayotgan yoshlarga qaysi platformalardan ish boshlashlashni tavsiya qilasiz?

– Sohaga endigina kirib kelgan yoshlarimiz o‘z modellarini sotishari uchun 3ddd.ru saytini tavsiya qilaman. Bu yerda modelingiz moderatsiyadan o‘tsa bo‘ldi, sotuvga chiqib ketaveradi.

– Telegram kanalingizda, Dunyodagi eng boy insonlarning 30% ini IT mutaxassislari tashkil etadi, degan postingiz ostiga ITda pul ko‘p azizlar deya, shaxsiy izoh ham qoldirgan ekansiz…

– To‘g‘ri, ammo frilanser sifatida faoliyat yuritishni istagan yoshlar birdaniga yuqori daromad topa olmaydi. Chunki bu yerda sizga oylik to‘lanmaydi.

Ammo boshlanishiga sabr bilan o‘z ustida ishlashdan charchasayligan yoshlarimiz uchun bugungi kunda IT olamida imkoniyatlar talaygina. Ayniqsa, tengdoshlari TikTokda behuda vaqt o‘tkizayotgan bir paytda, o‘z sohasining professionali bo‘lgan yoshlar frilanserlikdan cheksiz daromad topishlari mumkin!

«Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi» davlat muassasasi
mutaxassisi Ibrohim Isroilov

«Xabar» gazetasi muxbiri E’zoza Turg’unova

https://ict.xabar.uz/uz/mualliflar/ezoza/tushida-ham-pul-topadiga

Facebook
Telegram
Email

Shuningdek o'qing